Jurnal haqida

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining

Qarori

 «Ma’naviy hayot» jurnali tahririyatini tashkil qilish to‘g‘risida

 Milliy g‘oyamizning asosiy tushuncha va tamoyillarini, O‘zbekistonda barpo etilayotgan zamonaviy demokratik davlat va kuchli fuqarolik jamiyatining ma’naviy asoslarini chuqur o‘rganish va keng targ‘ib etish maqsadida Milliy g‘oya va mafkura ilmiy-amaliy markazining jurnali sifatida tashkil etilgan «Ma’naviy hayot» jurnalini nashr qilish ishlarini takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:

1. Respublika «Ma’naviyat va ma’rifat» kengashi, Milliy g‘oya va mafkura ilmiy-amaliy markazi va O‘zbekiston matbuot va axborot agentligining Milliy g‘oya va mafkura ilmiy-amaliy markazi muassisligida yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lgan «Ma’naviy hayot» jurnali tahririyatini tashkil etish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin.

2. «Ma’naviy hayot» jurnali tahririyatining asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilansin:

Milliy g‘oya va mafkura ilmiy-amaliy markazi bilan kelishilgan mavzular rejasiga asosan jurnal uchun materiallar to‘plash, ular asosida ilmiy maqola va taxliliy materiallar tayyorlash, jurnalni har chorakda bir marta nashr etish va tarqatish;

xalqimizning boy tarixi va madaniy merosini, milliy g‘oyamizning asosiy tushuncha va tamoyillarini, O‘zbekistonda barpo etilayotgan zamonaviy demokratik davlat va fuqarolik jamiyatining ma’naviy asoslarini chuqur o‘rganish va keng targ‘ib etish;

jamiyatimizning mafkuraviy immunitetini kuchaytirishga qaratilgan samarali usul-uslublarga bag‘ishlangan ilmiy maqolalarni chop etish, milliy urf-odat, an’ana va qadriyatlarning hayotimizdagi o‘rni va ahamiyatini har tomonlama yoritib borish;

mamlakatimizda amalga oshirilayotgan davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlari, keng ko‘lamli islohotlarning mohiyati, qabul qilingan qonun hujjatlari va davlat dasturlarining ahamiyatini atroflicha sharhlash va tushuntirish.

3. Milliy g‘oya va mafkura ilmiy-amaliy markazi:

o‘n besh kun muddatda «Ma’naviy hayot» jurnali tahririyatini tashkil qilish va uning moddiy-texnika bazasini shakllantirish, jurnalning muntazam nashr qilinishini ta’minlash bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar ishlab chiqilishini;

«Ma’naviy hayot» jurnali tahririyatining nizomining ishlab chiqilishi va o‘rnatilgan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishini;

O‘zbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi va Moliya vazirligi bilan kelishilgan holda jurnal tahririyati xodimlari mehnatiga haq to‘lash bo‘yicha razryadlar va shtatlar jadvali tasdiqlanishini;

bir oy muddatda jurnalda chop etiladigan maqolalar uchun mualliflik haqi to‘lashni tartibga soluvchi tegishli me’yoriy-huquqiy hujjat ishlab chiqilishini;

jurnal tahririyati faoliyati uchun zarur shart-sharoitlar yaratilishini ta’minlasin.

4. «Ma’naviy hayot» jurnali tahririyati bosh muharriri Milliy g‘oya va mafkura ilmiy-amaliy markazi rahbari tomonidan tayinlanishi va vazifasidan ozod etilishi belgilab qo‘yilsin.

5. «Ma’naviy hayot» jurnali tahririyati Toshkent shahar, Mirobod tumani, Buyuk Turon ko‘chasi, 42-uy manzilida joylashgan O‘zbekiston Milliy axborot agentligi binosiga ijara to‘lovi undirilmasdan joylashtirilsin.

6. «Ma’naviy hayot» jurnali tahririyatining pul mablag‘lari quyidagilar hisobiga shakllantirilishi inobatga olinsin:

jurnalni sotishdan tushadigan mablag‘lar;

yuridik va jismoniy shaxslarning xayriya ehsonlari, xorijiy va xalqaro tashkilotlar, xorijiy davlatlarning grantlari;

byudjet mablag‘lari (subsidiya);

qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa tushumlar.

7. Belgilab qo‘yilsinki, byudjet mablag‘lari (subsidiya) «Ma’naviy hayot» jurnali tahririyatining o‘z daromadlari bilan qoplanmagan saqlash xarajatlarining tegishli qismini moliyalashtirish uchun ajratiladi.

8. O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi jurnalni muntazam ravishda imtiyozli narxlarda chop etish bo‘yicha choralar ko‘rsin.

9. O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarni rivojlantirish vazirligi:

«Ma’naviy hayot» jurnali tahririyatini xizmat telefonlari, jumladan, shahar telefoni, internet va boshqa aloqa vositalari bilan ta’minlasin;

jurnalni muntazam ravishda obunachilarga imtiyozli narxlarda yetkazilishi bo‘yicha choralar ko‘rsin;

jurnalning veb-saytini yaratishda ko‘maklashsin.

10. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi:

«Ma’naviy hayot» jurnali tahririyatining asoslangan hisob-kitoblari bo‘yicha uning o‘z daromadlari bilan qoplanmagan xarajatlar qismini moliyalashtirish uchun mablag‘larni (subsidiya) O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetining «Madaniyat» sohasi uchun ko‘zda tutilgan mablag‘lar doirasida ajratsin;

«Ma’naviy hayot» jurnali tahririyatiga bitta xizmat yengil avtomobilini saqlash uchun limit ajratsin.

11. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari A. Ikramov zimmasiga yuklatilsin.

 

O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV

 

Toshkent sh.,

2015 yil 29 may,

141-son

      O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining 2013 yil 3 martdagi №07/1- 122-sonli Milliy g‘oya va mafkura ilmiy amaliy markazi nashri -“Ma’naviy hayot” jurnalini tashkil qilish to‘g‘risidagi topshirig‘i ijrosini ta’minlash hamda halqimizning boy tarixi va madaniy merosini, milliy g‘oyamizning asosiy tushuncha va tamoyillarini, O‘zbekistonda barpo etilayotgan zamonaviy demokragik davlat va kuchli fuqarolik jamiyatning ma’naviy asoslarini chuqur o‘rganish va keng targ‘ib etish, hozirgi kunda milliy va umumbashariy qadriyatlarni soxtalashtirishga qaratilgan zararli ta’sirlarning asl mohiyatini ochib berish, ularga karshi samarali vositalar orqali kurashish, yoshlarning falsafiy-mantikiy tafakkur saviyasini yuksaltirish, targ‘ibot- tashriqot ishlarining ilmiy-uslubiy asosini kuchaytirish, milliy manfaatlarimizga, hayot tarzimizga zid bulgan zararli g‘oyalar va xurujlarning mohiyatini ochib berish yuzasidan bildirilgan fikr-mulohazalar asosidagi Vazirlar Mahkamasining Madaniyat, ta’lim, sog‘likni saqlash va ijtimoiy muhofaza masalalari kompleksining  2013 yil 25 martdagi majlisi qaroriga binoan Ma’naviy xayot” jurnalining Nizomi ishlab chiqilgan.

      Unga asosan jurnalni nashr etish, tahririyat harajatlari Milliy g‘oya va mafkura ilmiy-amaliy markaziga nashr uchun davlat byudjetidan ajratiladigan mablag‘lar va homiylar tomonidan ajratiladigan hamda obunachilar va sotuvdan tushadigan mablag‘lar hisobiga qoplanishi belgilab kuyilgan.

“Ma’naviy hayot” jurnali tahririyatining moddiy-texnik bazasini shakllantirish, chop qilish uchun sarflanadigan xarajatlar davlat byudjetidan Milliy g‘oya va mafkura ilmiy-amaliy markaziga nashr ishlari uchun ajratiladigan mablag‘lar hisobidan amalga oshirilishiga xamda obuna mablag‘lari evaziga ho‘jalik hisobidan jurnal uchun shtatlar tashkil qilingan.

      Har bir umumta’lim maktabi, maktabdan tashqari ta’lim muassasasi, akademik litsey va kasb-hunar kollejlari, har bir oliy ta’lim muassasasi harajatlar smetasiga “Ma’naviy hayot” jurnalining bir nusxasiga obuna bo‘lishi belgilab qo‘yilgan.

      Barcha vazirlik va idoralar rahbarlari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari zimmasiga har bir “Ma’naviyat va ma’rifat” xonasida “Ma’naviy hayot” jurnalidan kamida bir dona bo‘lishini yillik obuna orqali ta’minlab borish yuklatilgan.

      “Ma’naviy xayog” jurnali Oliy attestatsiya komissiyasi ruyxatiga kiritilgan.