Fuqarolarning murojaatlari to’g’risida

O‘zbekiston Respublikasining Qonuni

Jismoniy va yuridik shaxslarning
murojaatlari to‘g‘risida

1-bob. Umumiy qoidalar

1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi

Ushbu Qonunning maqsadi davlat organlari va davlat muassasalariga
(
bundan buyon
matnda davlat
organlari deb
yuritiladi) jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari (bundan buyon
matnda murojaatlar deb yuritiladi) sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.

2-modda. Murojaatlar to‘g‘risidagi qonun hujjatlari

Murojaatlar to‘g‘risidagi qonun hujjatlari ushbu Qonun
va boshqa qonun hujjatlaridan iboratdir.

Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlariga
murojaatlar sohasidagi munosabatlar ushbu Qonunda belgilangan tarzda tartibga
solinadi.

Ushbu Qonunning amal qilishi:

ko‘rib chiqish tartibi ma’muriy javobgarlik
to‘g‘risidagi, fuqarolik protsessual, jinoyat-protsessual, jinoyat-ijroiya,
xo‘jalik protsessual qonun hujjatlari va boshqa qonunlar bilan belgilangan
murojaatlarga;

davlat organlarining, shuningdek ular tarkibiy
bo‘linmalarining o‘zaro yozishmalariga nisbatan tatbiq etilmaydi.

3-modda. Murojaat etish huquqi

Jismoniy va yuridik shaxslar davlat organlariga
murojaat etish huquqiga ega.

Murojaat etish huquqi ixtiyoriy amalga oshiriladi. Hyech
kim biron-bir murojaatni himoya qilishga yoxud unga qarshi qaratilgan
harakatlarda ishtirok etishga majbur qilinishi mumkin emas.

Murojaat etish huquqining amalga oshirilishi boshqa
jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlarini, erkinliklarini hamda qonuniy
manfaatlarini, shuningdek jamiyat va davlat manfaatlarini buzmasligi kerak.

Xorijiy davlatlarning jismoniy va yuridik shaxslari,
fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar O‘zbekiston Respublikasi davlat organlariga ushbu
Qonunga muvofiq murojaat etish huquqiga ega.

4-modda. Murojaatlarning shakllari

Murojaatlar og‘zaki, yozma yoxud elektron shaklda
bo‘lishi mumkin.

5-modda. Murojaatlarning turlari

Murojaatlar arizalar, takliflar va shikoyatlar tarzida
bo‘lishi mumkin.

Ariza – huquqlarni, erkinliklarni va qonuniy
manfaatlarni amalga oshirishda yordam ko‘rsatish to‘g‘risidagi iltimos bayon
etilgan murojaat.

Taklif – davlat va jamiyat faoliyatini
takomillashtirishga doir tavsiyalarni o‘z ichiga olgan murojaat.

Shikoyat – buzilgan huquqlarni, erkinliklarni tiklash
va qonuniy manfaatlarni himoya qilish to‘g‘risidagi talab bayon etilgan
murojaat.

Murojaatlar, ularning turi va shaklidan qat’i nazar,
bir xil ahamiyatga ega.

6-modda. Murojaatlarga qo‘yiladigan talablar

Jismoniy shaxsning murojaatida jismoniy shaxsning
familiyasi (ismi, otasining ismi), uning yashash joyi to‘g‘risidagi ma’lumotlar
ko‘rsatilgan va murojaatning mohiyati bayon etilgan bo‘lishi kerak.

Yuridik shaxsning murojaatida yuridik shaxsning to‘liq
nomi, uning joylashgan yeri (pochta manzili) to‘g‘risidagi ma’lumotlar
ko‘rsatilgan va murojaatning mohiyati bayon etilgan bo‘lishi kerak.

Murojaatlar davlat tilida va boshqa tillarda berilishi
mumkin.

Yozma murojaat murojaat etuvchi jismoniy shaxsning
imzosi yoki murojaat etuvchi yuridik shaxs rahbarining yoxud vakolatli
shaxsining imzosi bilan tasdiqlangan bo‘lishi lozim. Jismoniy shaxsning yozma
murojaatini murojaat etuvchining imzosi bilan tasdiqlash imkoni bo‘lmagan
taqdirda, bu murojaat uni yozib bergan shaxsning imzosi bilan tasdiqlanib,
uning familiyasi (ismi, otasining ismi) ham qo‘shimcha ravishda yozib
qo‘yilishi kerak.

Elektron murojaat elektron raqamli imzo bilan
tasdiqlangan va elektron hujjatning uni identifikatsiya qilish imkoniyatini
beradigan boshqa rekvizitlariga ega bo‘lgan elektron hujjat shaklida bo‘lishi
kerak. Elektron murojaat qonunda belgilangan talablarga muvofiq bo‘lishi kerak.

Jismoniy shaxsning familiyasi (ismi, otasining ismi),
uning yashash joyi to‘g‘risidagi ma’lumotlar yoki yuridik shaxsning to‘liq
nomi, uning joylashgan yeri (pochta manzili) to‘g‘risidagi ma’lumotlar
ko‘rsatilmagan yoxud ular haqida yolg‘on ma’lumotlar ko‘rsatilgan, shuningdek
imzo (elektron raqamli imzo) bilan tasdiqlanmagan murojaatlar anonim
murojaatlar deb hisoblanadi.

Murojaat etuvchi jismoniy va yuridik shaxslarning
vakillari orqali berilgan murojaatlarga ularning vakolatlarini tasdiqlovchi
hujjatlar ilova qilinadi.

7-modda. Murojaatlar va ommaviy axborot vositalari

Davlat organlariga ommaviy axborot vositalari
tahririyatlaridan kelib tushgan murojaatlar ushbu Qonunda nazarda tutilgan
tartibda va muddatlarda ko‘rib chiqiladi.

Ommaviy axborot vositalariga yo‘llangan murojaatlardan
ommaviy axborot vositalari to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga muvofiq jamoatchilik
fikrini o‘rganish va aks ettirish uchun foydalanilishi mumkin.

8-modda. Jismoniy shaxslarni va yuridik shaxslarning
vakillarini qabul qilish

Davlat organlarida jismoniy shaxslarni va yuridik
shaxslarning vakillarini qabul qilish tashkil etiladi. Jismoniy shaxslarni va
yuridik shaxslarning vakillarini qabul qilish davlat organining rahbari yoxud
boshqa vakolatli shaxs tomonidan amalga oshiriladi. Buning uchun davlat
organlarida maxsus tarkibiy bo‘linmalar tashkil etilishi mumkin, qabul uchun
mas’ul bo‘lgan mansabdor shaxslar belgilanadi.

Jismoniy shaxslarni va yuridik shaxslarning
vakillarini qabul qilish belgilangan kun va soatlarda, qabul qilish
jadvallariga muvofiq o‘tkaziladi.

Qabul qilish jadvallari va uni o‘tkazish vaqti, joyi
hamda qabulga oldindan yozilish to‘g‘risidagi axborot, shuningdek qabul qilish
tartibi davlat organlarining rasmiy veb-saytlarida e’lon qilish, shuningdek
ularning ma’muriy binosida hamma kirishi mumkin bo‘lgan joylardagi stendlarga
yoki boshqa texnik vositalarga joylashtirish orqali manfaatdor shaxslar
e’tiboriga yetkaziladi.

Jismoniy shaxs og‘zaki murojaat etayotganda o‘z
shaxsini tasdiqlovchi hujjatni, yuridik shaxsning vakili esa o‘z vakolatlarini
tasdiqlaydigan hujjatni, shuningdek o‘z shaxsini tasdiqlovchi hujjatni ko‘rsatishi
kerak.

Jismoniy shaxslarni va yuridik shaxslarning
vakillarini qabul qilish, agar ularning shunday xususiyatga ega bo‘lgan
ilgarigi murojaati bo‘yicha qaror qabul qilingan bo‘lsa va bu haqda ularga
ushbu Qonunda belgilangan tartibda xabar qilingan bo‘lsa, rad etilishi mumkin.

Davlat organlarida jismoniy shaxslarni va yuridik
shaxslarning vakillarini qabul qilish tartibi mazkur organlar rahbarlari
tomonidan belgilanadi.

Davlat organlarining shaxsiy qabulni o‘tkazuvchi
rahbarlari yoki boshqa vakolatli shaxslari har qanday masalalar, shu jumladan
o‘z vakolatlariga kirmaydigan masalalar bo‘yicha murojaat etilganda qabulni rad
etishga haqli emas, ushbu moddaning beshinchi qismida nazarda tutilgan hollar
bundan mustasno.

Agar shaxsiy qabul davomida bayon etilgan masalalarni
hal etish davlat organining vakolatlariga kirmasa, tegishli mansabdor yoki
boshqa vakolatli shaxslar murojaat etuvchiga murojaatda bayon etilgan
masalalarni hal etish uchun qaysi organga yoki tashkilotga murojaat qilish
lozimligini tushuntirishi kerak.

Shaxsiy qabul davomida davlat organining rahbari
qaroriga ko‘ra hamda murojaat etuvchining yozma roziligi bilan maxsus texnika
vositalari (audio- va video yozuv, shuningdek fotosuratga olish) qo‘llanilishi
mumkin.

Davlat organlarining rahbarlari yoki boshqa vakolatli
shaxslari tomonidan sayyor shaxsiy qabullar tashkil etilishi mumkin.

9-modda. Murojaatlar bo‘yicha ish yuritish

Davlat organlarida murojaatlar bo‘yicha ish yuritish qonun
hujjatlarida  belgilangan tartibda olib
boriladi.

2-bob. Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaat etish
huquqlarining kafolatlari

10-modda. Murojaat etish huquqidan foydalanilayotganda
kamsitishga yo‘l qo‘yilmasligi

Murojaat etish huquqidan foydalanilayotganda jismoniy
shaxsning jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi,
shaxsiy va ijtimoiy mavqyeiga, shuningdek yuridik shaxslarning mulk shakli,
joylashgan yeri (pochta manzili), tashkiliy-huquqiy shakllariga va boshqa
holatlariga qarab kamsitishga yo‘l qo‘yilmaydi.

11-modda. Murojaat etish huquqini amalga oshirishning
kafolatlari

Jismoniy va yuridik shaxslarga davlat organlariga
yakka tartibda yoki jamoa bo‘lib murojaat etish huquqi kafolatlanadi.

12-modda. Murojaat etilganda huquqlar, erkinliklar va
qonuniy manfaatlarga rioya etilishining kafolatlari

Davlat organlari murojaatlarni ko‘rib chiqishda
O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlari talablariga rioya
etishi, ularning to‘liq, xolisona va o‘z vaqtida ko‘rib chiqilishi uchun
choralar ko‘rishi, jismoniy va yuridik shaxslarning buzilgan huquqlari,
erkinliklari tiklanishini hamda qonuniy manfaatlari himoya qilinishini
ta’minlash bo‘yicha o‘z vakolatlari doirasida choralar ko‘rishi shart.

13-modda. Murojaatlarni qabul qilish va ko‘rib chiqish
kafolatlari

Murojaatlar davlat organlari tomonidan qabul qilinishi
va ko‘rib chiqilishi shart, ushbu Qonunning 20-moddasida  nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.

Jismoniy yoki yuridik shaxs murojaatni qabul qilish va
ko‘rib chiqish qonunga xilof ravishda rad etilganligi ustidan bo‘ysunuv
tartibida yuqori turuvchi organga yoxud bevosita sudga shikoyat qilishga haqli.

14-modda. Murojaatlar munosabati bilan ayon bo‘lib
qolgan ma’lumotlarning oshkor etilmasligi kafolatlari

Murojaatlarni ko‘rib chiqishda jismoniy shaxslarning
shaxsiy hayoti, yuridik shaxslarning faoliyati to‘g‘risidagi ma’lumotlar
ularning roziligisiz, shuningdek davlat sirini yoxud qonun bilan
qo‘riqlanadigan boshqa sirni tashkil etuvchi ma’lumotlar va, agar bu jismoniy
va yuridik shaxslarning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini
kamsitadigan bo‘lsa, boshqa axborot davlat organlari xodimlari tomonidan oshkor
etilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Jismoniy va yuridik shaxs to‘g‘risidagi, murojaatga
taalluqli bo‘lmagan ma’lumotlarni aniqlashga yo‘l qo‘yilmaydi.

Jismoniy shaxsning iltimosiga ko‘ra uning shaxsiga
doir biron-bir ma’lumot oshkor etilmasligi kerak.

15-modda. Jismoniy va yuridik shaxslarning
murojaatlari munosabati bilan ularning xavfsizligi kafolatlari

Jismoniy shaxsni, uning vakilini, ularning oila a’zolarini,
yuridik shaxsni, uning vakilini va yuridik shaxs vakilining oila a’zolarini
ular o‘z huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ro‘yobga chiqarish
yoki himoya qilish maqsadida davlat organlariga murojaat etganligi, shuningdek
murojaatlarda o‘z fikrini bildirganligi va tanqid qilganligi munosabati bilan
ta’qib etish man etiladi.

3-bob. Murojaatlarni berish va ularni ko‘rib chiqish
tartibi

16-modda. Murojaatlarni berish tartibi

Murojaatlar ularda qo‘yilgan masalalarni hal etish o‘z
vakolati doirasiga kiradigan davlat organiga bevosita yoxud bo‘ysunuv tartibida
yuqori turuvchi organga beriladi.

Jismoniy va yuridik shaxslar murojaatni mustaqil
ravishda berishga, shuningdek bu boradagi vakolatni o‘z vakiliga berishga yoxud
murojaatni pochta aloqasi vositalari orqali yoki elektron shaklda yuborishga
haqli. Voyaga yetmaganlar, muomalaga layoqatsiz va muomala layoqati cheklangan
shaxslarning manfaatlarini ko‘zlab, murojaatlar ularning qonuniy vakillari
tomonidan qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda berilishi mumkin.

Murojaatga u bo‘yicha ilgari qabul qilingan mavjud
qarorlar yoki ularning ko‘chirma nusxalari, shuningdek uni ko‘rib chiqish uchun
zarur bo‘lgan boshqa hujjatlar ilova qilinishi mumkin, mazkur hujjatlar
qaytarilmaydi, murojaat etuvchi ularni qaytarish haqida yozma ariza bergan
hollar bundan mustasno. Murojaat taalluqliligi bo‘yicha boshqa davlat organiga
yuborilganda, unga ko‘rsatib o‘tilgan hujjatlar ilova qilinishi kerak.

17-modda. Murojaatlarni berish muddatlari

Murojaatlarni berish muddatlari, qoida tariqasida,
belgilanmaydi. Ayrim hollarda, agar davlat organining murojaatni ko‘rib chiqish
bo‘yicha imkoniyatlariga, jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari,
erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini o‘z vaqtida amalga oshirish va himoya
qilishni ta’minlash zaruratiga bog‘liq bo‘lsa, shuningdek qonunlarda nazarda
tutilgan boshqa asoslarga ko‘ra tegishli davlat organlariga murojaatni berish
muddati belgilanishi mumkin.

Bo‘ysunuv tartibida yuqori turuvchi organga ariza yoki
shikoyat jismoniy yoki yuridik shaxsga uning huquqlari, erkinliklari hamda
qonuniy manfaatlarini buzuvchi harakat (harakatsizlik) sodir etilganligi yoxud
qaror qabul qilinganligi ma’lum bo‘lgan paytdan e’tiboran uzog‘i bilan bir
yildan kechiktirmay beriladi.

Ariza yoki shikoyat berishning uzrli sabablarga ko‘ra
o‘tkazib yuborilgan muddati arizani yoki shikoyatni ko‘rib chiquvchi davlat
organi tomonidan tiklanadi.

18-modda. Murojaatlarni ko‘rib chiqish tartibi

Davlat organiga kelib tushgan murojaatlar shu organ
tomonidan yoki uning murojaatlarni ko‘rib chiqish bo‘yicha majburiyatlar
zimmasiga yuklatilgan mansabdor shaxsi tomonidan ko‘rib chiqiladi.

Qo‘yilgan masalalarni hal etish o‘zining vakolat
doirasiga kirmaydigan davlat organiga kelib tushgan murojaatlar besh kunlik
muddatdan kechiktirmay tegishli organlarga yuborilib, bu haqda murojaat
etuvchiga yozma yoxud elektron shaklda xabar qilinadi.

Murojaatlarni ko‘rib chiqish uchun asossiz ravishda
boshqa davlat organlariga o‘tkazish yoxud qarorlari yoki harakatlari
(harakatsizligi) ustidan shikoyat qilinayotgan organlarga yoki mansabdor
shaxslarga yuborish taqiqlanadi.

Agar murojaatlarda ularni tegishli organlarga yuborish
uchun zarur ma’lumotlar mavjud bo‘lmasa, bu murojaatlar murojaat etuvchiga besh
kunlik muddatdan kechiktirmay asoslantirilgan tushuntirish bilan qaytariladi.

Murojaatni to‘liq, xolisona va o‘z vaqtida ko‘rib
chiqish uchun qo‘shimcha ma’lumotlar, ma’lumotnomalar va materiallarga zarurat
paydo bo‘lgan taqdirda, mazkur murojaatni ko‘rib chiqayotgan davlat organining
mansabdor shaxsi murojaat etgan jismoniy yoki yuridik shaxsdan, shuningdek o‘z
vakolatlari doirasida boshqa davlat organlaridan qo‘shimcha axborotni so‘rab
olishi mumkin. Agar axborot davlat sirini yoki qonun bilan qo‘riqlanadigan
boshqa sirni tashkil etuvchi ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan bo‘lmasa, jismoniy
va yuridik shaxslarning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlariga,
jamiyat va davlat manfaatlariga zarar yetkazmasa, davlat organlari, ularning
mansabdor shaxslari o‘zlaridan so‘ralayotgan axborotni o‘n kun ichida taqdim
etishi shart.

Murojaatni ko‘rib chiqayotgan davlat organi, zarur
hollarda, murojaat joyning o‘ziga borib ko‘rib chiqilishini ta’minlashi mumkin.

Murojaat etuvchi yoki boshqa shaxs yo‘qligida
murojaatni ko‘rib chiqish imkoni bo‘lmasa, ular davlat organining mansabdor
shaxsi tomonidan chaqirilishi mumkin. Chaqirilgan murojaat etuvchi kelmagan
taqdirda davlat organining mansabdor shaxsi murojaatni uning ishtirokisiz
ko‘rib chiqish imkoni yo‘qligi haqida javob yuboradi.

Murojaatga javobni davlat organining rahbari yoki
boshqa vakolatli mansabdor shaxsi imzolaydi.

Agar murojaatda qo‘yilgan masalalar xo‘jalik
yurituvchi sub’yektlar faoliyatiga daxldor bo‘lsa, ularning vakillari
murojaatni ko‘rib chiqishda ishtirok etish uchun davlat organlari tomonidan o‘z
vakolatlari doirasida jalb etiladi.

Agar murojaatni ko‘rib chiqishda xo‘jalik yurituvchi
sub’yektlarning faoliyatini tekshirish, shu jumladan moliyaviy-xo‘jalik faoliyatini
tekshirish (taftish qilish) zarurati yuzaga kelsa, tekshirish qonun hujjatlariga
muvofiq amalga oshiriladi.

Jismoniy va yuridik shaxslar o‘z murojaatlarini ular
ko‘rib chiqilguniga qadar va ko‘rib chiqilayotgan vaqtda murojaat yuzasidan
qaror qabul qilinguniga qadar yozma yoxud elektron shaklda ariza berish orqali
qaytarib olish huquqiga ega.

Murojaatni qaytarib olish haqidagi ariza davlat
organlari tomonidan qonun buzilishlarini aniqlash va bartaraf etish bo‘yicha
choralar ko‘rilishini istisno etmaydi.

19-modda. Murojaatlarni ko‘rib chiqish muddatlari

Ariza yoki shikoyat masalani mazmunan hal etishi shart
bo‘lgan davlat organiga kelib tushgan kundan e’tiboran o‘n besh kun ichida,
qo‘shimcha o‘rganish va (yoki) tekshirish, qo‘shimcha hujjatlarni so‘rab olish
talab etilganda esa bir oygacha bo‘lgan muddatda ko‘rib chiqiladi.

Ariza va shikoyatlarni ko‘rib chiqish uchun tekshirish
o‘tkazish, qo‘shimcha materiallar so‘rab olish yoxud boshqa chora-tadbirlar
ko‘rish zarur bo‘lgan hollarda, ularni ko‘rib chiqish muddatlari tegishli
davlat organi rahbari tomonidan istisno tariqasida uzog‘i bilan bir oyga
uzaytirilishi mumkin, bu haqda murojaat etuvchiga xabar qilinadi.

Taklif davlat organiga kelib tushgan kundan e’tiboran
bir oygacha bo‘lgan muddatda ko‘rib chiqiladi, qo‘shimcha o‘rganishni talab
etadigan takliflar bundan mustasno, bu haqda taklifni kiritgan jismoniy yoki
yuridik shaxsga o‘n kunlik muddatda yozma shaklda xabar qilinadi.

20-modda. Murojaatlarni ko‘rmay qoldirish

Quyidagi murojaatlar ko‘rib chiqilmaydi:

anonim murojaatlar;

jismoniy va yuridik shaxslarning vakillari orqali
berilgan murojaatlar, ularning vakolatini tasdiqlovchi hujjatlar mavjud
bo‘lmagan taqdirda;

qonunda belgilangan boshqa talablarga muvofiq
bo‘lmagan murojaatlar.

4-bob. Murojaatlarni ko‘rib chiqishda jismoniy va
yuridik shaxslarning huquqlari hamda davlat organlarining majburiyatlari

21-modda. Murojaatlarni ko‘rib chiqishda jismoniy va
yuridik shaxslarning huquqlari

Murojaat davlat organlari tomonidan ko‘rib
chiqilayotganda jismoniy va yuridik shaxs murojaat ko‘rib chiqilishining
borishi haqida axborot olish, shaxsan vajlarini bayon etish va tushuntirishlar
berish, murojaatni tekshirish materiallari hamda uni ko‘rib chiqish natijalari
bilan tanishish, qo‘shimcha materiallar taqdim etish yoki ularni boshqa
organlardan so‘rab olish to‘g‘risida iltimos qilish, advokat yordamidan
foydalanish huquqiga ega.

Murojaatni ko‘rib chiqayotgan davlat organlarining
mansabdor yoki boshqa vakolatli shaxslari jismoniy va yuridik shaxsga ularning
huquqlariga, erkinliklariga hamda qonuniy manfaatlariga daxldor hujjatlar,
qarorlar va boshqa materiallar bilan, agar ularda davlat sirini yoki qonun
bilan qo‘riqlanadigan boshqa sirni tashkil etuvchi ma’lumotlar mavjud bo‘lmasa,
jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlariga, erkinliklariga hamda qonuniy
manfaatlariga, jamiyat va davlat manfaatlariga zarar yetkazmasa, tanishib
chiqish imkoniyatini ta’minlashi shart.

22-modda. Murojaatlarni ko‘rib chiqishda
qo‘llaniladigan chora-tadbirlar

Davlat organlari murojaatlarni ko‘rib chiqishda
qonunga xilof harakatlarga (harakatsizlikka) barham berishga doir
chora-tadbirlarni darhol ko‘rishi, o‘z vakolatlari doirasida jismoniy va
yuridik shaxslarning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlari
buzilishiga olib kelayotgan sabablar va shart-sharoitlarni aniqlashi, murojaat
etganligi munosabati bilan jismoniy shaxs, uning vakili, ularning oila
a’zolari, yuridik shaxs, uning vakili va yuridik shaxs vakilining oila a’zolari
ta’qib qilinishiga belgilangan tartibda barham berishi shart.

23-modda. Murojaatni ko‘rib chiqqan davlat organining
majburiyatlari

Murojaatni ko‘rib chiqqan davlat organi murojaat
etuvchiga ko‘rib chiqish natijalari hamda qabul qilingan qaror haqida murojaat
ko‘rib chiqilganidan so‘ng yozma yoxud elektron shaklda darhol xabar qilishi
shart.

Murojaatlarga javoblar, mumkin qadar, murojaat etilgan
tilda bayon qilinadi, murojaatda ko‘rsatilgan har bir masala bo‘yicha vajlarni
rad etuvchi yoki tasdiqlovchi aniq asoslarni (zaruratga qarab qonun hujjatlari
normalariga havolalar qilingan holda) o‘z ichiga olgan bo‘lishi kerak.

Murojaat yuzasidan qaror qabul qilgan davlat
organining mansabdor yoki boshqa vakolatli shaxsi, agar jismoniy yoki yuridik
shaxs qarorga rozi bo‘lmasa, uning ustidan shikoyat berish tartibini
tushuntirishi shart.

Murojaatni ko‘rib chiqqan davlat organi, uning
mansabdor yoki boshqa vakolatli shaxslari murojaatni ko‘rib chiqish natijalari
yuzasidan qabul qilingan qarorning ijrosini nazorat qilishi, shuningdek agar
jismoniy yoki yuridik shaxsga uning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy
manfaatlari buzilishi natijasida moddiy zarar yoki ma’naviy ziyon yetkazilgan
bo‘lsa, qonunda belgilangan tartibda moddiy zararning o‘rnini qoplash yoki
ma’naviy ziyonni kompensatsiya qilish bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘rishi shart.

24-modda. Murojaatlarni umumlashtirish va tahlil
qilish

Murojaatlarni ko‘rib chiqayotgan davlat organlari
jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy
manfaatlari, shuningdek jamiyat va davlat manfaatlari buzilishini keltirib
chiqaruvchi sabablarni aniqlash hamda bartaraf etish maqsadida murojaatlarni
bir yilda kamida bir marta umumlashtiradi va tahlil qilib boradi.

Qo‘shimcha ma’lumot uchun qarang: O‘zbekiston
Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015 yil 31 martdagi 73-sonli qarori bilan
tasdiqlangan «Davlat organlari va davlat muassasalarida jismoniy va yuridik
shaxslarning murojaatlari bilan ishlash tartibi to‘g‘risida»gi namunaviy nizom.

5-bob. Yakunlovchi qoidalar

25-modda. Nizolarni hal etish

Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari
sohasidagi nizolar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi.

26-modda.
Moddiy zararning o‘rnini qoplash va ma’naviy ziyonni kompensatsiya qilish

Jismoniy yoki yuridik shaxsning arizasi yoxud
shikoyati ana shu murojaat bo‘yicha qonunga xilof qaror qabul qilgan davlat
organi tomonidan qanoatlantirilgan taqdirda, ariza yoki shikoyat berish va uni
ko‘rib chiqish bilan bog‘liq zararning o‘rni, arizani yoki shikoyatni ko‘rib
chiqish uchun tegishli davlat organining talabi bilan joylarga borish
munosabati bilan qilingan xarajatlarning hamda ana shu vaqt ichida yo‘qotilgan
ish haqining o‘rni murojaat etuvchiga sud tartibida qoplanadi.
Sud tartibida
ma’naviy ziyon ham kompensatsiya qilinishi mumkin.

Jismoniy yoki yuridik shaxsning arizasini yoxud
shikoyatini ko‘rib chiqishda qonun talablari buzilganligi munosabati bilan unga
yetkazilgan moddiy zararning o‘rnini qoplash va ma’naviy ziyonni kompensatsiya
qilish sifatida davlat organi tomonidan to‘langan mablag‘lar aybdor mansabdor
shaxsdan regress tartibida undirib olinishi mumkin.

27-modda.
Bila turib yolg‘on ma’lumotlar bayon etilgan murojaatlarni ko‘rib chiqishda
qilingan xarajatlarning o‘rnini qoplash

Bila turib yolg‘on ma’lumotlar bayon etilgan
murojaatlarni ko‘rib chiqishda davlat organi tomonidan qilingan xarajatlar
jismoniy yoki yuridik shaxsdan sudning qaroriga ko‘ra undirib olinishi mumkin.

28-modda.
Murojaatlar to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlik

Murojaatlar to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini
buzganlik, xuddi shuningdek tuhmat va haqoratdan iborat murojaat berganlik
belgilangan tartibda javobgarlikka sabab bo‘ladi.

29-modda.
Ayrim qonun hujjatlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb topish

Quyidagilar
o‘z kuchini yo‘qotgan deb topilsin:

1)
Ozbekiston Respublikasining 1994 yil
6
mayda qabul
qilingan «Fuqarolarning murojaatlari togrisida»gi 1064-XII-sonli qonuni  (Ozbekiston Respublikasi Oliy
Kengashining Axborotnomasi,
1994
yil, № 5, 140-modda);

2)
Ozbekiston Respublikasi Oliy
Kengashining 1994 yil
6
mayda qabul
qilingan «Fuqarolarning murojaatlari togrisida»gi Ozbekiston Respublikasi Qonunini amalga kiritish haqida»gi 1065-XII-sonli qarori
(
Ozbekiston Respublikasi Oliy
Kengashining Axborotnomasi,
1994
yil, № 5, 141-modda);

3)
Ozbekiston Respublikasining 2002 yil
13
dekabrda qabul
qilingan «Fuqarolarning murojaatlari togrisida»gi Ozbekiston Respublikasi Qonuniga ozgartishlar va
qoshimchalar kiritish haqida»gi 446-II-sonli qonuni  (Ozbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi,
2003
yil, № 1, 7-modda).

30-modda.
Qonun hujjatlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirish

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:

hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;

davlat boshqaruvi organlari ushbu Qonunga zid bo‘lgan o‘z
normativ-huquqiy hujjatlarini qayta ko‘rib chiqishlari va bekor qilishlarini
ta’minlasin.

31-modda. Ushbu Qonunning kuchga kirishi

Ushbu Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga
kiradi.

 

O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV

Toshkent sh.,

2014 yil 3 dekabr,

O‘RQ-378-son


O‘zbekiston Respublikasining “Jismoniy va yuridik shaxslarning
murojaatlari to‘g‘risida”gi Qonuni / docx / 23kb

Agar murojaat qilish istagingiz bo`lsa, quyidagi sahifaga o`ting