Ilmiy anjumanlar

“MILLIY G‘OYA – BIZNING G‘OYA” MAVZUIDAGI ILMIY-AMALIY ANJUMAN

2016 yil 25 avgust. Toshkent.
Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston milliy kutubxonasi.

Milliy g‘oya va istiqlol mafkurasi xaqida gap borar ekan, biz nihoyatda keng qamrovli, murakkab, serqirra, insoniyat tarixida aniq va mukammal ifodasi, tugal namunasi hali-hanuz yaratilmagan tushunchalarni o‘zimizga tasavvur qilishimiz kerak, deb o‘ylayman.

Islom Karimov.

2016 yil 25 avgust. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Milliy g‘oya targ‘iboti va ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish to‘g‘risida”gi PQ-451-son qarori qabul qilinganiga roppa-rosa o‘n yil bo‘ldi.

Bugun Milliy g‘oya va mafkura ilmiy-amaliy markazida qo‘shaloq bayram. Biri – O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 25 yillik to‘yi bo‘lsa, ikkinchisi Milliy g‘oya va mafkura ilmiy-amaliy markazi tashkil etilganining 10 yilligidir. Ana shu munosabat bilan Markaz tomonidan qator tashkilotlar bilan hamkorlikda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yil 2 iyundagi PQ-2540-sonli qarori asosida “Milliy g‘oya – bizning g‘oya” mavzuidagi ilmiy-amaliy anjuman tashkil etildi.
Anjumanning maqsadi globalizatsiya jarayonida har tomonlama sog‘lom avlodni tarbiyalashda milliy g‘oya va ma’naviy-ma’rifiy yo‘nalishda amalga oshirilayotgan ishlarni atroflicha tahlil qilish hamda bu boradagi zamonaviy usullar, vositalarni ishlab chiqish va hayotga tatbiq etish bo‘yicha ishtirokchilardan ilmiy-amaliy taklif, tavsiya va xulosalar olishdan iborat. Natijada ular umumlashtirilib, amaliyotga joriy etish choralari ishlab chiqiladi.

Milliy g‘oya – taraqqiyot mayog‘i. “O‘zining hayotini, oldiga qo‘ygan maqsadlarini aniq tasavvur qila oladigan, o‘z kelajagi haqida qayg‘uradigan millat hech bir davrda milliy g‘oya va milliy mafkurasiz yashamagan va yashay olmaydi. Mafkura bo‘lmasa har qaysi davlat va jamiyat, qolaversa, har qaysi inson o‘z yo‘lini yo‘qotishi muqarrar,” deyiladi (“Milliy istiqlol g‘oyasi: asosiy tushuncha va tamoyillar” kitobi). Komillik sari intilgan shaxs borki, o‘z oldiga maqsad qo‘yib, olg‘a intiladi. Har jihatdan insoniylikka munosib harakatlar qiladi.
Har tomonlama sog‘lom avlodni voyaga yetkazishning o‘ziga xos usul, uslub, mezon va vositalari mavjud. Bular orasida milliy g‘oya targ‘iboti va ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirishning ilmiy-amaliy vositalari alohida ahamiyat kasb etadi. Chunki barkamol avlod deganda ham jismoniy, ham ma’naviy jihatdan sog‘lom bolalar tushuniladi. Bu borada Milliy g‘oya va mafkura ilmiy-amaliy markazi tomonidan o‘tgan o‘n yil davomida hamkor tashkilotlar bilan birgalikda qator samarali ishlar amalga oshirib kelinmoqda.

Jumladan, markaz tomonidan o‘tkazilgan ilmiy-amaliy tadqiqotlar natijasida o‘zligimiz, milliy g‘oya va mafkura, milliy-ma’naviy qadriyatlar va ma’naviyatimizga qaratilgan 50 dan ortiq tahdid va illatlar aniqlandi. Davlat va jamoat tashkilotlariga ularning oldini olish bilan bog‘liq 100 dan ortiq taklif, tavsiya va xulosalar yuborildi hamda ommaviy axborot vositalarida xuddi shu mavzuda chiqishlar qilindi.
Mamlakat aholisi, ayniqsa, yoshlarni bir maqsad yo‘lida birlashtirish masalalariga qaratilgan ushbu anjumanda “Milliy g‘oya va mafkura targ‘ibotining nazariy va amaliy masalalari”, “Diniy qadriyatlar tizimida mafkura masalasi”, “Ommaviy axborot vositalarida milliy g‘oya targ‘iboti”, “Hozirgi zamon o‘zbek adabiyoti va milliy g‘oya targ‘iboti”, “O‘zbek milliy mentalitetining shakllanishida milliy g‘oya va mafkura masalasi” va “Ma’naviy-ma’rifiy ishlarni yangi bosqichga ko‘tarish – davr talabi” kabi mavzularda qiziqarli bahs va munozaralar olib borildi.

Shuningdek, milliy g‘oyamizning asosiy g‘oyalari bo‘lmish Yurt tinchligi, Xalq farovonligi, Vatan ravnaqi, Komil inson, Ijtimoiy hamkorlik, Millatlararo totuvlik va Dinlararo bag‘rikenglik kabi asosiy tushuncha va tamoyillar haqida so‘z yuritildi. Bu yetti ezgu g‘oya, haqiqatan ham, mamlakatimiz ahlini yurt tinchligi, xalq farovonligi va Vatan ravnaqi yo‘lida ijtimoiy hamkorlik asosida birlashtirib, komillik sari yetaklayotgani e’tirof etildi. Milliy g‘oyani ongi va qalbiga jo qilgan fuqarolarimizda millatlararo totuvlik va dinlararo bag‘rikenglik fazilatlari chuqur joy olayotgani ta’kidlandi.
SHo‘’balarda o‘tkazilgan majlislarda kelajak avlodni yuksak ma’naviyatli va har jihatdan barkamol bo‘lib yetishishiga xizmat qiladigan ilmiy-amaliy vositalar xususida atroflicha fikr almashildi. Anjuman ishtirokchilari tomonidan bildirilgan taklif va tavsiyalar umumlashtirilib, yakuniy xulosalar ishlab chiqildi. Milliy g‘oyani yoshlar ongi va qalbigi singdirish va milliy g‘oyamiz ro‘yobini targ‘ib qilishning zamonaviy usul va uslublari to‘g‘risidagi umumlashtirilgan xulosalarni tegishli idora va tashkilotlarga taqdim etishga kelishib olindi.

Anjuman 2016 yil 15 iyunda e’lon qilingan bo‘lib, 15 avgustga qadar ishtirokchilar tomonidan 500 ga yaqin maqola yuborilgan. Ulardan eng yaxshi deb topilgan 100 tasi ekspertlar tomonidan saralab olinib, to‘plam holida chop etildi. Tadbir boshlanishidan oldin ishtirokchilarga mazkur to‘plam va Milliy g‘oya va mafkura ilmiy-amaliy markazi tomonidan chop etilgan boshqa kitob, buklet va uslubiy qo‘llanmalar tarqatildi.
Yalpi majlisda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining birinchi o‘rinbosari, O‘zbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyid, Toshkent shahar bosh imom xatibi Anvar qori Tursunov va Milliy g‘oya va mafkura ilmiy-amaliy markazi rahbari Abduhalil Mavrulovlarning ma’ruzalari tinglandi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosarining maslahatchisi Muhammadjon Quronov ishtirok etdi.

 

MILLIY G‘OYA VA MAFKURA ILMIY-AMALIY MARKAZI MATBUOT XIZMATI

“Milliy g‘oya targ‘ibotida Amir Temur omili” mavzusida respublika amaliy seminari
Milliy g‘oya va mafkura ilmiy-amaliy markazi bir nechta hamkor tashkilotlar bilan birgalikda 2016 yilning 4 aprel kuni Sohibqiron Amir Temur tavalludining 680 yilligi munosabati bilan “Milliy g‘oya targ‘ibotida Amir Temur omili” mavzusida respublika amaliy seminarini o‘tkazdi.

Seminarda Milliy g‘oya va mafkura ilmiy-amaliy markazi rahbari, t.f.d., professor Abduxalil Mavrulov, Toshkent Islom universiteti professori, t.f.d. Ubaydulla Uvatov, Temuriylar tarixi davlat muzeyi direktori, t.f.n., dotsent Xurshid Fayziyev, Xalqaro Amir Temur xayriya jamoat fondi rahbari, t.f.n., dotsent Nozimjon Habibullayev, Temuriylar tarixi davlat muzeyi bo‘limi boshlig‘i, t.f.n., dotsent Omonulla Bo‘riyev, Toshkent viloyat Xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti rektori, p.f.n., dotsent Ro‘zimurod Choriyev, olimlar va ilmiy tadqiqotchilar, xalq ta’limi xodimlari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etishdi.

Seminarda “Amir Temur tarixchi Ibn Arabshoh talqinida”, “Amir Temur va temuriylar davrida ilm-fan rivoji”,  “Mustaqillik yillarida Amir Temur va temuriylar saltanati davri tarixini o‘rganish”, “Mustaqillik yillarida Sohibqiron Amir Temurning targ‘ib qilinishi” kabi mavzulardagi ma’ruzalar ishtirokchilar tomonidan tinglandi.

Mazkur seminarda Amir Temur va temuriylarning davlatchilik, ilm-fan, madaniyat, bunyodkorlik, boshqa sohalardagi ulkan va boy merosining milliy g‘oya tarig‘ibotida tutgan o‘rni, shu bilan birgalikda, yurtimizda va xorijda temuriylarning dunyo tamadduniga qo‘shgan ulkan hissasiga oid ko‘plab asarlar yaratilgani, ilmiy tadqiqotlar amalga oshirilayotgani batafsil bayon qilindi. Bularning barchasi Sohibqiron shaxsiyati va uni shakllantirgan zamin, tarixiy shart-sharoitga doir yangi-yangi qirralarni kashf etishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Zero, davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, kimki o‘zbek nomini, o‘zbek millatining kuch-qudratini, adolatparvarligini, cheksiz imkoniyatlarini, uning umumbashariyat rivojiga qo‘shgan hissasini, shu asosda kelajakka ishonchini anglamoqchi bo‘lsa, Amir Temur siymosini eslashi kerak. Bobokalonimizning qudratli davlat, adolatli jamiyat barpo etish, o‘zaro hamjihatlik, bag‘rikenglik, barqarorlik, mehr-oqibat muhitini mustahkamlash, xalq farovonligini ta’minlashga oid ezgu tamoyillari bugun Vatanimiz ijtimoiy-iqtisodiy hayotining asosiy mezoniga aylangan.

Bugun mamlakatimizda yosh avlod ma’naviyatini yuksaltirish, ularni har jihatdan barkamol insonlar etib kamolga yetkazishning muhim vositasi sifatida buyuk ajdodlarimizning hayoti, faoliyati, boy ma’naviy, ilmiy-ma’rifiy merosini chuqur o‘rganishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Bu ulug‘ siymoni milliy g‘oya targ‘ibotida bunyodkor va jasur inson, ilm-fan, madaniyat va ma’rifat homiysi sifatida o‘rganishga doir sa’y-harakatlar yosh avlod qalbi va ongiga vatanparvarlik, fidoyilik, Vatan kelajagi uchun daxldorlik tuyg‘usini mustahkam qaror toptirish seminarning dolzarbligini belgilaydi.

 

Qo‘shimcha ma’lumot uchun: U.Sattarov (MG‘MIAM),

Tel.: 239-15-87; (95) 177-78-99

Respublika Milliy g‘oya va mafkura ilmiy-amaliy markazi tomonidan 2016 yil 28-29 aprel kunlarida o‘tkaziladigan “Sog‘lom ona va bola – jamiyat taraqqiyotining asosiy omili” mavzuidagi Respublika ilmiy-amaliy konferensiyasiga
 

X A B A R N O M A

 

Ilmiy-amaliy konferensiyaga tayyorlangan maqolalar quyidagi 4 yo‘nalishlar bo‘yicha qabul qilinadi.

  1. O‘zbekistonda ona va bola salomatligi muhofazasi davlat va jamiyatning ustuvor vazifasi.
  2. Ayolga e’tibor – kelajakka e’tibor.
  3. Sog‘lom bola – barkamol avlod poydevori.
  4. Sog‘lom bolani shakllantirishda ma’naviy-ma’rifiy tarbiyaning o‘rni.

Ilmiy to‘plamda ma’naviyat targ‘ibotchilari, ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari, mutasaddi rahbarlar va xodimlar, mutaxassislar, tadqiqotchilar va iqtidorli talabalar, malaka oshirish kurslari tinglovchilarining maqolalari chop qilinishi ko‘zda tutiladi.

Maqolaga qo‘yiladigan talablar:

- Maqolada “Sog‘lom ona va bola yili” munosabati bilan bog‘liq siyosat hamda uning ma’naviy-ma’rifiy, g‘oyaviy-tarbiyaviy xususiyatlari va barkamol avlod bilan bog‘liq taklif-tavsiyalar aks etishi lozim.

- Maqola hajmi 3-7 betdan iborat, bosma holida, uning aynan elektron nusxasi, muallifning ismi sharifi, ish joyi yoki o‘quv yurti nomi  ko‘rsatilgan bo‘lishi kerak.

- Word matn redaktorida 14 rt o‘lchamli Times New Roman shrifti bilan 1,5 intervalda;

- Qog‘oz o‘lchovi A4 210 x 197 mm;

- YUqoridan 2,5 sm, chapdan 3 sm, o‘ngdan 1,5 sm joy qoldirishi va sahifalangan bo‘lishi lozim;

- Maqola nomini katta va qalin harflar bilan yozilishi, keyingi qatorda muallifning ismi sharifi va lavozimi to‘liq yozilishi lozim.

- Maqola o‘zbek, rus, ingliz tillarining birida, tahrir qilingan holda qabul qilinadi.

- Tahrir qilinmagan, imlo xatolari bilan taqdim etilgan maqolalar nashr qilinmaydi va muallifga qaytarilmaydi.

Ilmiy to‘plam uchun maqolalar 2016 yilning 5 aprelgacha qabul qilinadi.

Toshkent shahri, Milliy g‘oya va mafkura ilmiy-amaliy markazi.

Tel.: +99871-239-15-87, 239-19-64.

Elektron manzil: goya2016@umail.uz.

null
 

null
 

null
 

null
 

null
 

O‘rta maxsus kasb-hunar ta’limi muassasalarida O‘zbekistonning eng yangi tarixi o‘qitilishining dolzarb masalalari

Milliy g‘oya va mafkura ilmiy-amaliy markazi O‘zbekistonning eng yangi tarixi masalalari bo‘yicha Muvofiqlashtiruvchi-metodik markaz hamda O‘rta maxsus kasb-hunar ta’lim markazi bilan hamkorlikda 2015 yilning 3 noyabr kuni “O‘rta maxsus kasb-hunar ta’limi muassasalarida O‘zbekistonning eng yangi tarixi o‘qitilishining dolzarb masalalari” mavzusidagi respublika amaliy seminarini o‘tkazdi.
O‘zbekistonda tarix masalalariga, ayniqsa, yaqin o‘tmishda xalqimiz boshidan kechirgan voqyea-hodisalarni ilmiy jihatdan tahlil etishga alohida e’tibor berilmoqda. Shu ma’noda ta’lim tizimida O‘zbekistonning eng yangi tarixini o‘rganish, adolatli, xolis xulosalar chiqarish, ularni yoshlar ongu shuuriga singdirish o‘ta muhim ahamiyatga ega.
Mazkur seminar o‘rta maxsus kasb-hunar ta’limi muassasalarida O‘zbekiston tarixi va eng yangi tarixini yuqori saviyada o‘qitish masalalarini muhokama qilish va takomillashtirishga oid takliflarni ishlab chiqish maqsadida tashkil etildi. Globallashuv sharoitida mafkuraviy immunitetni shakllantirishda tarix va moddiy-ma’naviy merosning, umumbashariy va milliy qadriyatlarning, milliy o‘zlikni anglashning muhim ahamiyatga ega ekani seminarning dolzarbligini belgiladi.
Seminar tarixchi-pedagoglar bilan ochiq muloqot tarzida davom etib, bevosita yosh avlodni tarbiyalayotgan mutaxassislar tomonidan fikr-mulohazalar bildirildi. Jumladan, pedagoglar mutasaddi tashkilotlar bilan birgalikda eng yangi tarix, umuman, O‘zbekiston tarixi, buyuk siymolar haqida hujjatli filmlar yaratish, tarixga oid adabiyotlar ekspertizadan o‘tkazilgandagina chop etilishini belgilash, tarix fani to‘garaklari ishini jonlantirish bo‘yicha takliflarni ilgari surishdi.
Seminarda O‘rta maxsus kasb-hunar ta’limi tizimidagi muassassalarning mutasaddi vakillari, bevosita tarixchi-pedagoglar ishtirok etishi O‘zbekistonning eng yangi tarixi o‘qitilishining dolzarb masalalari har tomonlama ko‘rib chiqilishini ta’minladi.
Amaliy seminar yakuniga ko‘ra tegishli vazirlik va idoralarga taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi.

Axborot xizmati