Ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish va sohani rivojlantirishni yangi bosqichga ko‘tarish to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Mustaqillik yillarida mamlakatimizda jamiyat hayotining ma’naviy-ma’rifiy asoslarini mustahkamlash, milliy istiqlol g‘oyasining asosiy tushuncha va tamoyillarini hayotga joriy etish, yurtdoshlarimiz, ayniqsa, yosh avlod qalbida Vatanimiz taqdiri va kelajagi uchun daxldorlik va mas’uliyat hissini oshirish, yot g‘oyalarga qarshi mafkuraviy immunitetni kuchaytirishga yo‘naltirilgan targ‘ibot tizimi shakllandi. Bu jarayonda Respublika Ma’naviyat targ‘ibot markazi, uning joylardagi tuzilmalari hamda Milliy g‘oya va mafkura ilmiy-amaliy markazi tomonidan muayyan ishlar amalga oshirilganini qayd etish lozim.

Bugungi kunda dunyoda globallashuv jarayonlari kuchayib, tinchlik va barqarorlikka qarshi yangi tahdid va xatarlar tobora ko‘payib bormoqda. Bunday murakkab va tahlikali vaziyat sohada amalga oshirilgan ishlarni tanqidiy baholab, uning faoliyatini zamon talablari asosida takomillashtirishni taqozo etmoqda.

Xususan, oila, mahalla va ta’lim muassasalarida yoshlar tarbiyasi, chekka hududlar va mahallalarda uyushmagan yoshlar bilan maqsadli g‘oyaviy-tarbiyaviy ishlarning yuzaki tarzda olib borilayotgani, jinoyatchilik, diniy ekstremizm va terroristik harakatlarga adashib qo‘shilib qolish, milliy qadriyatlarga e’tiborsizlik, erta turmush qurish, oilaviy ajralishlar kabi salbiy holatlarning oldini olishga qaratilgan targ‘ibot ishlarining aksariyat hollarda kutilgan natijani bermayotgani bu masalalarga jiddiy e’tiborni talab etmoqda.

Mamlakatimizda qabul qilingan 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida eng avvalo, davlat boshqaruvi organlarining quyi bo‘g‘inlari faoliyatini tubdan yaxshilash, ularning xalq bilan muloqot qilishini ta’minlash, bu borada samarali ijtimoiy hamkorlik mexanizmini mustahkamlash ustuvor vazifa sifatida belgilab qo‘yilgan.

Ana shu maqsad va vazifalardan kelib chiqqan holda, ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot ishlarining mazmun-mundarijasini tubdan yaxshilash, ularning ko‘lami va miqyosini kengaytirish, tizimda faoliyat ko‘rsatayotgan soha xodimlarining bilim va malakasini izchil oshirib borish, tuman (shahar) darajasidagi xodimlar mehnatiga haq to‘lashning barqaror tizimini yo‘lga qo‘yish, sohada faoliyat olib borayotgan muassasa va tashkilotlar ishini muvofiqlashtirish va ularning samarasini oshirish maqsadida:

1. Respublika Ma’naviyat va ma’rifat kengashining Respublika Ma’naviyat targ‘ibot markazi hamda Milliy g‘oya va mafkura ilmiy-amaliy markazini birlashtirish yo‘li bilan ularning negizida Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazini (keyingi o‘rinlarda –Markaz deb ataladi) qayta tashkil etish haqidagi taklifi ma’qullansin.

2. Markaz faoliyatini tashkil etishda quyidagi asosiy vazifalarga alohida e’tibor qaratilsin:

mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar, qabul qilinayotgan qonun hujjatlari, davlat dasturlarining mazmun va mohiyatini aholining keng qatlamlariga yetkazishga qaratilgan targ‘ibot ishlarini tizimli va izchil amalga oshirish, bu borada keng jamoatchilik, olimlar, mutaxassislar, ijodkor ziyolilardan iborat “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyatini shakllantirish hamda uning faoliyatini doimiy asosda yo‘lga qo‘yish;

dunyoda yuz berayotgan murakkab geosiyosiy va g‘oyaviy-mafkuraviy jarayonlarning mazmun-mohiyatini har tomonlama chuqur yoritib borish, terrorizm, diniy ekstremizm, aqidaparastlik, separatizm, odam savdosi, “ommaviy madaniyat”, narkobiznes va boshqa tahdidlarga qarshi samarali g‘oyaviy kurash olib borish;

jamiyatimizning barqaror rivojlanishiga to‘sqinlik qilayotgan ichki tahdidlar – el-yurt taqdiriga loqaydlik, mahalliychilik, urug‘-aymoqchilik, oilaviy qadriyatlar va yoshlar tarbiyasiga e’tiborsizlik kabi holatlarga barham berishga qaratilgan kompleks tadbirlar tizimini ishlab chiqish va amalga oshirish;

milliy g‘oyani yurtimizda yashayotgan barcha millat va elatlar, ijtimoiy toifa vakillari o‘rtasida keng targ‘ib etish, bunyodkorlik ruhini yalpi ijtimoiy harakatga aylantirish, ertangi kunga ishonch tuyg‘ularini kuchaytirish;

targ‘ibot-tashviqot ishlarida aholining hududiy, kasbiy hamda yosh xususiyatlarini hisobga olgan holda mutanosib, maqsadli va mazmunli yondashuvni joriy etish;

ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot ishlari samaradorligining ilmiy asoslangan monitoringini ta’minlashga qaratilgan sotsiologik tadqiqotlar o‘tkazishni muntazam yo‘lga qo‘yish;

yoshlarda sog‘lom dunyoqarash, jumladan, kitobxonlik ko‘nikmasini shakllantirish, internet, axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan oqilona foydalanish madaniyatini oshirish, ularda g‘oyaviy va axborot xurujlariga qarshi mafkuraviy immunitetni kuchaytirish;

mahallalarda uyushmagan yoshlar bilan ishlash, ushbu toifani ijtimoiy-iqtisodiy faollashtirishda jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish;

xalqimizning tarixiy merosi, urf-odatlari va milliy tarbiya an’analarini asrab-avaylash, keng aholi qatlamlari, ayniqsa, yoshlarimiz o‘rtasida dinlararo bag‘rikenglik, millatlararo totuvlik va o‘zaro mehr-oqibat muhitini mustahkamlash bo‘yicha chora-tadbirlar ishlab chiqish va joriy etish.

3. Belgilab qo‘yilsinki:

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Respublika Ma’naviyat va ma’rifat kengashiga, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi, viloyatlar, Toshkent shahar hamda tumanlar (shaharlar) hokimlari tegishli ravishda hududiy kengashlarga jamoatchilik asosida raislik qiladilar.

4. Qayta tashkil etilayotgan Markaz Respublika Ma’naviyat targ‘ibot markazi hamda Milliy g‘oya va mafkura ilmiy-amaliy markazining barcha huquq va majburiyatlari bo‘yicha huquqiy vorisi hisoblanishi inobatga olinsin.

5. Respublika Ma’naviyat va ma’rifat kengashining tashkiliy tuzilmasi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazining tuzilmasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar bo‘limlari va tuman (shahar) bo‘linmalarining namunaviy tuzilmalari 1-4-ilovalarga muvofiq tasdiqlansin.

6. Markaz rahbariga uning tuzilmasiga xodimlarning belgilangan umumiy soni doirasida o‘zgartirishlar kiritish huquqi berilsin.

7. Belgilab qo‘yilsinki:

Markaz va uning hududiy bo‘limlari hamda bo‘linmalari faoliyatini moliyalashtirish O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag‘lari, shuningdek, qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi;

Markaz rahbari maqomi, maishiy ta’minoti, tibbiy va transport xizmatidan foydalanish shart-sharoitlariga ko‘ra – vazirga, Markaz rahbarining birinchi o‘rinbosari va o‘rinbosari – tegishli ravishda vazirning birinchi o‘rinbosari va o‘rinbosariga tenglashtiriladi;

Markaz xodimlariga davlat boshqaruvi organlari xodimlari uchun belgilangan ish haqi, mukofotlash va moddiy yordam ko‘rsatish shartlari tatbiq etiladi.

8. Toshkent shahar hokimligi O‘zbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi bilan birgalikda bir oy muddatda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga Markaz hamda “Tafakkur” va “Ma’naviy hayot” jurnallari tahririyatini joylashtirish uchun bino ajratish bo‘yicha taklif kiritsin.

9. Markaz bir oy muddatda o‘z Ustavini ishlab chiqsin va tasdiqlash uchun Respublika Ma’naviyat va ma’rifat kengashiga kiritsin.

10. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi:

ushbu qarorni amalga oshirish bilan bog‘liq sarf-xarajatlarni moliyalashtirish uchun zarur bo‘lgan mablag‘larni 2017-yilda Ijtimoiy soha bo‘yicha tasdiqlangan byudjet parametrlari doirasida ajratsin, 2018-yildan boshlab esa – O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti parametrlarida nazarda tutsin;

Markazga 5 ta avtotransport vositasini, jumladan, 3 ta xizmat ko‘rsatadigan, 1 ta navbatchi va 1 ta maxsus avtobusni saqlab turish uchun hamda Markazning hududiy bo‘limlariga jami 14 ta xizmat ko‘rsatadigan avtotransport vositasini saqlab turish uchun limit ajratsin.

11. Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda Moliya vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda Markaz, hududiy bo‘limlar va bo‘linmalar xodimlarining mehnatiga haq to‘lash bo‘yicha yagona tarif setkasini ishlab chiqsin va tasdiqlasin.

12. Markaz manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati lektorlari faoliyatini moliyalashtirish yuzasidan takliflarni ishlab chiqsin hamda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat kengashiga kiritsin.

13. O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Markazni zarur telekommunikatsiyalar, internet axborot tarmog‘iga kirish va telefon aloqasi, jumladan, hukumat telefon aloqasi bilan belgilangan tartibda ta’minlasin.

14. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi, viloyatlar, Toshkent shahar hamda tumanlar (shaharlar) hokimlari ikki oy muddatda Markazning hududiy bo‘limlari va bo‘linmalarini belgilangan tartibda zarur xizmat xonalari, mebel jamlanmasi, komputer texnikasi, aloqa vositalari va internet tarmoqlari bilan ta’minlash choralarini ko‘rsin.

15. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2006-yil 25-avgustdagi “Milliy g‘oya targ‘iboti va ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish to‘g‘risida”gi PQ-451-son qarori o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.

16. Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar yuzasidan bir oy muddatda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

17. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchilari X.Sultonov, R.Komilov zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV

Toshkent shahri, 2017-yil 28-iyul

Вы можете оставить комментарий, или ссылку на Ваш сайт.