Shavkat Mirziyoyev: yoshlarimizni ulug‘ ajdodlarimizga munosib ma’rifatli, ilmli qilib tarbiyalashimiz lozim

Davlatimiz rahbari Yunusobod tumanidagi Islomobod mahallasida bo‘ldi. Mahalla hududidagi Yunusobod komputer texnologiyalari kasb-hunar kollejida 11-yillik maktab ta’limini tashkil etish loyihasi taqdimoti o‘tkazildi. Unda mahalla faollari, ota-onalar ishtirok etdi.

Yurtimizdan dunyo ilm-fani taraqqiyotiga beqiyos hissa qo‘shgan buyuk mutafakkirlar yetishib chiqqan. Yoshlarimizni ularga munosib ma’rifatli, ilmli qilib tarbiyalashimiz lozim, dedi Prezidentimiz. Bunda maktab tarbiyasi alohida o‘rin tutadi. Maktabda o‘quvchi ma’lum muhitda shakllanadi. O‘qituvchi va ota-onasining doimiy nazoratida bo‘ladi. Maktabdan so‘ng kollej yoki litseyda – boshqa muhit. Shuning uchun ota-onalar, keng jamoatchilik fikri, taklifi asosida 11-yillik maktab ta’limi qayta yo‘lga qo‘yilmoqda.

11-yillik maktablarda o‘quv dasturlarini puxta ishlab chiqish, ularni sifatli adabiyotlar bilan ta’minlash zarurligi ta’kidlandi. O‘quvchilar maktab qoshida yoki yaqin atrofdagi kasb-hunar kollejida tashkil etiladigan o‘quv ishlab-chiqarish majmualarida haftasiga bir marta turli mutaxassisliklarni o‘rganish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Maktabda o‘qishni davom ettirish yoki kasb-hunar kollejiga o‘tish o‘quvchining ixtiyorida. O‘zi tanlasin, muhimi, ularni tarbiyali, ota-onasini hurmat qiladigan, vatanparvar qilib voyaga yetkazishimiz kerak, dedi Shavkat Mirziyoyev.

Islomobod mahallasida 3 ming 165 aholi istiqomat qiladi. Lekin mahalla hududida maktab yo‘q. Yoshlar boshqa mahallalardagi maktablarga qatnashga majbur. Uchrashuvda mahalla faollari, ota-onalar hududdagi Yunusobod komputer texnologiyalari kasb-hunar kollejini 11-yillik maktabga aylantirish taklifini bildirdi. Prezidentimiz ushbu taklifni ko‘rib chiqish uchun mutasaddilarga tegishli ko‘rsatmalar berdi.

Davlatimiz rahbariga 11-yillik maktab ta’limi, Mudofaa vazirligi huzurida “Temurbeklar maktabi”ni tashkil etish bo‘yicha ishlab chiqilgan takliflar haqida ham ma’lumot berildi.

Prezidentimiz shu yerda O‘zbekiston yoshlar ittifoqining bir guruh faollari bilan uchrashdi. Unda iste’dodli yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, uy-joy bilan ta’minlash, poytaxtimizda yosh kompozitorlar uyini tashkil etish va boshqa masalalar haqida so‘z bordi.

Ziyodulla Jonibekov, O‘zA

Вы можете оставить комментарий, или ссылку на Ваш сайт.