SUITSID: SABAB VA OQIBAT

Suitsid (lotincha sui caedere — o‘zini o‘ldirmoq) — ixtiyoriy, mustaqil va ko‘ngilli ravishda o‘z joniga qasd qilish. Bu amalga oshsa ham, oshmasa ham, suitsid hisoblanaveradi. O‘z joniga qasd qilish shu shaxsning o‘zi tomonidan yoki uning talabi bilan tashqi ta’sir ostida yuz berishi mumkin. Inson o‘z joniga qasd qilganida ko‘pincha, osish, yoqish, tomirlarini kesish yoki ko‘p miqdordagi dorilarni iste’mol qilish usullaridan foydalanadi. Tashqi ta’sirda esa asosan tomirga in’eksiya yuborish usuli keng tarqalgan. Ularning muayyan farqli jihatlari bo‘lsada, ammo yakun bir. Bularning har ikkisi diniy nuqtai nazardan inkor etilgan, qaytarilgan.

Evtanaziya (jondan judo qilish)ni o‘z joniga qasd qilish bilan tenglashtirish – murakkab va muhokamali masala. Butunjahon sog‘liqni saqlash tashkilotining ma’lumotlariga ko‘ra, har yili dunyo aholisining 800 mingdan ortiqrog‘i o‘z joniga qasd qilishni sodir etadi. Bu jarayon turli manbalarda turlicha talqin qilinadi. Shuning uchun, qahramonlik ko‘rinishlaridan hisoblangan o‘zini qurbon qilish (masalan, vatan himoyasidagi urushda yoki boshqa muqaddas g‘oyalar g‘alabasi, o‘z yaqinlari muhofazasi…)ni o‘z joniga qasd qilishdan farqlash lozim. Chunki birinchi holat haqiqiy qahramonlik bo‘lib, unda o‘zining joniga qasd qilish avvaldan maqsad qilinmaydi. Aksincha, dushman ustidan g‘alaba qozonilib, ko‘zlangan maqsadga yetish uchun kurashiladi. Vatan, uni uyida intizorlik bilan kutayotgan oila a’zolari muhofazasi uchun kurashiladi bunda. Bunday insonlarning kelajak maqsadlari bo‘ladi. Shu sabab ular – qahramon. O‘zini o‘ldirayotgan inson esa maqsadsiz, qo‘rqoq odamdir. U ruhan tushkun, hayotdan norozi, keljakdan noumid yoki zombiga aylantirilgan shaxsdir.
Butunjahon sog‘liqni saqlash tashkilotining ma’lumotlariga ko‘ra, har 40 soniyada Yerning qaysidir kishisi o‘z joniga qasd qilgan holda hayotdan ko‘z yumadi. Shuningdek, manbalarda keltirilishicha, uchinchi ming yillikda barcha urushlarda hamda zo‘ravonlik bilan o‘ldirishlarda vafot etganlarga nisbatan ko‘proq kishilar o‘z joniga qasd qilishdan halok bo‘lmoqda.
Suitsid, shartli ravishda, ikki turga ajratiladi: 1. Parasuitsid – asl o‘z-o‘zini o‘ldirish. 2. Psevdosuitsid – namoyishkorona o‘z-o‘zini o‘ldirish. Psevdosuitsid karaxtlik (affekt) holatida sodir etiladi. U nafaqat o‘z joniga qasd qilish, balki “dil faryodi”, o‘zi va o‘z muammolariga atrofdagilarning e’tiborini jalb qilish hamdir. Bu harakatlar o‘z joniga qasd qilishga namoyishkorona urinish deb ham ataladi. Bunday odamlar ko‘pincha o‘zi qilayotgan ishning mohiyatini, natijasini anglab yetmaydi. Boshqacha aytganda, e’tiborga tushish yo‘lidagi maqsad uning ko‘zini “ko‘r” qilib qo‘yadi. Boshqa narsa haqida o‘ylab ham o‘tirmaydi. Psevdosuitsid erka, arzanda bolalarning hayot mashaqqatlari, qiyinchiliklari oldidagi ojizligi bo‘lishi ham mumkin.
Joniga qasd qilishning asl o‘z-o‘zini o‘ldirish – parasuitsid turi odatda yaxshi rejalashtirilgan tadbir bo‘lib, bundan maqsad qanday qilib bo‘lsada qarindosh-urug‘lar, yaqinlar, do‘stlar va jamoatchilik fikri hamda munosabatidan qat’i nazar, o‘z joniga qasd qilishdir.
Ayrim holatlarda, xususan, agar biror shaxs o‘zini o‘ldirishga, sog‘lig‘i yoki boshqa sabablarga ko‘ra, jismonan qodir bo‘lmasa, mustaqil bo‘lmagan tarzda o‘z joniga qasd qilishlar ham suitsid hisoblanadi. Huquqni muhofaza qilish organlari vakillari yordamida o‘zini o‘ldirish shular jumlasidandir. Shuningdek, darhol o‘limga olib kelmaydigan, biroq xatarli yoki hayotning keskin qisqartirishiga olib keladigan xatti-harakatlar (ichkilikbozlik, kashandalik, narkomaniya, jiddiy kasal bo‘la turib tibbiy yordamdan bosh tortish, yo‘l harakati qoidalariga yoki texnika xavfsizligiga qasddan rioya qilmaslik, tegishli tayyorgarlik va jihozlarsiz sportning ekstremal turi bilan shug‘ullanish, jangovor harakatlar chog‘ida xatarni nazarga ilmaslik) hamda uning xatarli ekani sodir etuvchi tomonidan anglanishi, biroq ehtimoliy xatarning unga farqi yo‘q ekani holatlari ham mavjud va u o‘z-o‘zini vayron qiluvchi xatti-harakat deb ataladi. Ba’zi manbalarda xatti-harakatning bu ko‘rinishi suitsidning uchinchi toifasi – yashirin o‘z-o‘zini o‘ldirish tarzida ajratib ko‘rsatiladi. E’tibor qilinsa, bu fikrda ham muayyan haqiqat borligi ayon bo‘ladi.
Demak, kasallikning hayot uchun xatarli ekanini bilgan holda atay shifokorlarga murojaat qilmaslik yoki tezroq vafot etish maqsadida dorilarni qabul qilishdan bosh tortish ham shu tarzda talqin qilinishi mumkin.
Joniga qasd qilgan odam qaysidir sabab bilan tirik qolsa, bu o‘zini o‘ldirishga amalga oshmay qolgan urinish, deyiladi. Agarda tirik qolsayu ammo bunday harakatning o‘limga olib kelish ehtimoli katta bo‘lsa – shikast, zarar og‘ir bo‘lsa, suitsidga jiddiy urinish, deb ataladi. Jiddiy urinish holatida jonga qilingan qasd amalga oshmay qoladi, lekin urinish chog‘ida uddalay olmagan qotilning sog‘ligiga jiddiy jismoniy va ruhiy zarar yetadi. Shu bois bu harakat keyinchalik yana takrorlanishi ehtimoli saqlanib qoladi.
Ayrim mutaxassislarning ta’kidlashicha, suitsidni amalga oshirishni uddalay olmaganlarning aksariyatida o‘z joniga takroran qasd qilishga moyil bo‘ladi, chunki ularda bu borada muayyan “malaka” hosil qilingan bo‘ladi. O‘z joniga qasd qilishning oldini olishda muhim hisoblangan omillar mavjud. Amalga oshmay qolgan ishlar, ilmiy-ijodiy rejalar, yaqinlariga ruhiy ozor berishdan qo‘rqish, amalga oshirmoqchi bo‘lgan ishining ham diniy, ham ijtimoiy jihatdan noto‘g‘ri ekanini chuqur anglash, milliy qadriyatlarning – e’tiqodning suitsidga qarshi ekani, shuningdek, o‘z joniga qasd qilishning tanlangan usuli maqbul va ma’qul ekaniga ishonmaslik shular jumlasidandir. Uning yana bir sababi oilaviy nizolardir.
Aslida, o‘z joniga qasd qilish zaiflik belgisidir. Bu zaiflik ruhiy jihatdan ham, jismoniy bo‘lishi ham mumkin. Ammo bu o‘rinda ko‘proq ruhiy zaiflik muhim.
Ma’lumotlarga ko‘ra, o‘z joniga qasd qiluvchilarning taxminan yarmi avval oldin loaqal bir marta bo‘lsada, o‘zini o‘ldirishga urinib ko‘rgan. Yozma manbalarda suitsidni sodir qilgan, lekin tirik qolganlarning har
100 tadan bittasi yil davomida o‘z joniga takror qasd qiladi. Bu esa suitsid jamiyatda aniq xatar sifatida saqlanishini ko‘rsatadi.
Ijtimoiy hayotda suitsidlar sonining ko‘payishi yoki ularning muayyan darajada saqlanishiga sabab bo‘luvchi ayrim jihatlar mavjud. Ular:
1. Hayotdan norozi, suitsidga moyil shaxslarga jamiyat a’zolarining munosabati. Bunda ularning xatti-harakatlarini ma’qullash, ruxsat berish, ta’qiqlash yoki befarq munosabat kabilar alohida e’tiborga olinadi. Zero, ular bundan “kuch” va “ilhom” oladi.
2. Ijtimoiy tushkunlikka olib keluvchi ishsizlik, jinoyatchilik, tabiiy ofatlar, baxtsiz hodisalar kabi ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy beqarorlik. Insonlar tinchligi omillaridan hisoblangan iqlimiy barqarorlik, ijtimoiy xavfsizlik insonlar xotiri jamligini ta’minlab, ularni hayotga, baxtli kelajak to‘g‘risida umidli rejalar tuzishga undaydi.
3. Aholining ishchanlik va dam olish faolligining pasayishi. Odatdagi aloqalar, do‘stona munosabatlar, eskicha yondashuvlarning uzilishi, mojarolar va ruhiy jarohatlarning kuchayishi bunga sabab bo‘lib, insonda tushkun kayfiyatni keltirib chiqaradi.
4. Oiladagi a’zolarning kelishmovchiligi. Bu hol ba’zan xotinning “hayotdan to‘yishi” ko‘rinishida namoyon bo‘lsa, ayrim hollarda ota va ona o‘rtasidagi nizo va davomiy urush-janjallar bolalarning o‘z joniga qasd qilishi bilan yakun topadi.
5. Jamiyatdagi etnik va madaniy o‘ziga xosliklar ham ba’zar suitsidga sabab bo‘lishi kuzatiladi. E’tiqodda g‘ulu, ya’ni haddan oshish radikal kayfiyatdagi to‘dalar manfaatiga xizmat qilishi mumkin. Bundan tashqari, asrlar davomida shakllangan va mustahkamlangan ayrim urf-odatlar hamda an’analar ham buning dalilidir. Masalan, yapon xalqi tarixida ma’naviy, madaniy hayotining uzviy qismi hisoblangan samuraylardagi “sadoqat ramzi” – kamikadzelik ayni shunga da’vat qiluvchi harakat deb hisoblangan.
Manbalarning ta’kidlashicha, suitsid yosh omili bilan ham bog‘liq. Unga ko‘ra,
Birinchi davr o‘smirlik, ya’ni 15 dan 24 gacha bo‘lgan yosh oralig‘ini qamraydi.
O‘z joniga qasd qilish faollashgan ikkinchi davr yetuklik – 40 dan 60 yoshgacha bo‘lgan vaqtni o‘zida aks ettiradi.
O‘z navbatida, uchinchi davr keksalik bo‘lib, bu toifa vakillari orasida o‘z joniga qasd qilish darajasi o‘ta yuqori.
O‘z joniga qasd qilish bilan suitsidga urinish o‘rtasida muayyan farq mavjud. Binobarin, ayollar erkaklarga nisbatan 4 barobar ko‘proq o‘z joniga qasd qilishga urinadi va aksincha, erkaklar ayollarga nisbatan 4 barobar ko‘proq o‘z joniga qasd qiladi.
Suitsidga moyillik ishsizlar, shuningdek, malakasizlik bilan ham bog‘liq. Doimiy ish bilan ta’minlangan yoki yuqori malakaga ega xodimlarga nisbatan ular orasida o‘z joniga qasd qilish holatlari ko‘proq uchraydi.
Suitsid kasb bilan ham bog‘liq. Tadqiqotlarning ko‘rsatishicha, shifokorlar, xususan, ayol shifokorlar unga boshqa kasb egalariga nisbatan moyilroq. Musiqachilar, yuristlar, ofitserlarning quyi tarkibi, sug‘urta agentlari, nafaqaxo‘rlar, jazoni o‘tash muassasalarida saqlanayotganlar ham shu xatar ostidagi kishilar guruhiga mansub.
Umuman hech qachon nikohda bo‘lmagan kishilar hammadan ko‘proq o‘z joniga qasd qiladi.
Beva qolganlar, ajrashganlar va turmush qurib bola ko‘rmaganlar o‘rtasida ham o‘z joniga qasd qilish holatlari tez uchraydi. Bu holatlar yolg‘izlik bilan bog‘liq bo‘lib, tanho yashash suitsid xatarini oshirishi tadqiqot natijalari orqali isbotlangan.
Bolalikda tazyiq, zulm kabi yomon munosabatlarga duch kelish, yoshlikda ichkilik va giyohvand moddalarni iste’mol qilishning salbiy oqibatlari, pissimistik ruhiyat singari oraliq omillar vaqti kelib inson ulg‘ayganida joniga qasd qilishi uchun moyillik xavfining ortishiga xizmat qilishi kuzatilgan.
Umuman, bolaligida qattiqqo‘llik va zo‘ravonlikni boshidan kechirgan, 11 yoshga yetmasidan ota-onasidan ayrilgan, yoshligida tarbiyasiga yetarlicha e’tibor berilmagan insonlarda o‘zini o‘ldirishga moyillik ko‘proq uchraydi.
Autoagressiv (o‘ziga ziyon yetkazish) fe’l-atvorning shaxs xulqi va xatti-harakatlariga bog‘liq omillari sohaga oid maxsus adabiyotlarda keng yoritilgan. Ulardan quyidagilarni keltirish mumkin: psixastenik shaxslar, ehtiyojlariga me’yoridan ortiq erk beradigan, o‘zining shaxsiy imkoniyatlariga yetarlicha baho (past, beqaror yoki ortiqcha) bermaydigan, ruhiy, hissiy bosimlarga yon beruvchi, ruhiy himoya mexanizmlarini shakllantirish salohiyati mavjud bo‘lmagan, maksimalist, boshqalar fikrini qadrlamasdan, ularga yon berishni istamaydigan, mulohazasiz, hayotiy tajribasiz, kelajakni rejalashtirish mexanizmlarini yetishmaydigan, jizzaki, hissiy beqaror, ortiqcha ta’sirchan; begonalarning nazariga tushishga moyil, aybdor hissi mavjud, shaxsiy ixtiloflar davrida haddan oshiq hissiyotga berilish, qadriyatli maqsadlarni o‘zgartirishi mushkul shaxslar, shuningdek, hayot qadrining pasayishi yoki yo‘qolishi, shaxslararo munosabatdagi qoloq maqsadlar.
Bundan tashqari, kasalliklar, xususan, surunkali og‘riq bilan kechadigan, ayniqsa, onkologok kasalliklar hamda og‘ir kechgan jarrohlik aralashuvlari suitsid xatarini keskin oshiradi.
Suitsidga olib kelauvchi yana qator sabablar bor. Jumladan, qarilik. Ayniqsa, jismonan zaif va somatik kasallliklarga ega keksalar. O‘zini boshqara olmaslik, o‘zi haqida qayg‘urish imkoniyatining pasayishi hayotga bo‘lgan qiziqishni keskin kamaytiradi.
Tashqi ko‘rinishining o‘ta xunuk bo‘lishi yoki o‘zining qiyofasidan norozilik yoshlar tomonidan o‘z joniga qasd qilishga ko‘proq sabab bo‘ladi.
Ruhiy kasallarga nisbatan somatik kasallarga duchor bo‘lgan kishilarda o‘zini o‘ldirishga urinish osonroq amalga oshsa, saraton, harakatlanish a’zolari kasallangan kishilarda o‘zini o‘ldirish sabablari ko‘proq. Ayrim ma’lumotlarga ko‘ra, o‘z joniga qasd qiluvchilarning 70%ga yaqini og‘ir yoki surunkali kasalliklar bilan og‘rigan kishilardir. Ko‘pincha, bunday bemorlarda nogiron bo‘lib qolishga olib keladigan harakatlanish a’zolari kasalliklari, saraton, surunkali qatttiq og‘riqlar bilan kechuvchi, nefrologik kasalliklar, SPID bilan og‘riganlar kiradi. Shunday bo‘lsada, VICh infeksiyaga yo‘liqqan kishilarda o‘zini o‘ldirishga moyillik kuchli yoki kamroq ekani borasidagi ma’lumotlar ziddiyatli.
Shu o‘rinda suitsid irsiy bo‘lishi mumkinligini ham aytish o‘rinli. Zero, qarindosh-urug‘lari orasida o‘z joniga qasd qilgan insonlarning mavjudligi bu xatarni 30 dan 50%gacha oshirish mumkin.
Ammo keyingi paytlarda turli destruktiv kuchlar tomonidan keng targ‘ib qilinib, hayotga joriy etilayotgan zamonaviy kamikadzelik yoki jihod amaliyoti dolzarblik kasb etmoqda. Chunki adashgan ekstremistik oqimlar o‘z o‘ljalari bo‘lgan yoshlarni din yo‘lida muqaddas urushga chiqish, zarur bo‘lsa, turli usullarda o‘zini o‘ldirish va shu orqali ko‘plab “kofirlar” o‘limiga erishishga, ya’ni shahidlikka da’vat qilmoqda. Ularning domiga ilingan yoshlar mafkuraviy “ishlov berilish” natijasida zombilashtirilib, muqarrar o‘limga yuborilmoqda. Aslida, bu ishlarni amalga oshirayotganlar ham o‘z joniga qasd qilayotganlar, eng yomoni, vatani va xalqiga xiyonat qilayotganlar, shuning bilan birga, qotillardir. Bu din nuqtai nazaridan shirk, ma’naviy jihatdan esa qadriyatlarimiz, azaliy urf-odatlarimiz ildiziga bolta urishdir.
Bugungi kunda suitsidning diniy sabablar bilan amalga oshirilayotgan turlari jamiyat ravnaqi, yurt tinchligi, oila mustahkamligi borasida ayniqsa xavfli bo‘lgani bois, ushbu mavzu diniy tahdidlar toifasiga kiritildi.

Irgash Daminov,
Milliy g‘oya va mafkura ilmiy-amaliy
markazi bosh mutaxassisi

Вы можете оставить комментарий, или ссылку на Ваш сайт.