Poytaxtimizning maydon va xiyobonlarida Yangi yil tomoshalari boshlandi

Mamlakatimizdagi madaniyat va istirohat bog‘lari, maydon va xiyobonlarida Yangi yil bayrami tadbirlari boshlandi.

Mustaqillik maydoni, ko‘chalar, ko‘plab bog‘lar ko‘zni qamashtirguchi o‘yinchoqli zumrad archalar bilan bezatildi.

Shayxontohur tumanidagi “Lokomotiv-Anhor” bog‘i yonidagi maydonda katta bayram tomoshalari tashkil etildi. Bu bayram tomoshalariga kelgan aholining maroqli dam olishi, bolajonlarning dildan quvnashi uchun ko‘proq qulayliklar yaratishda muhim ahamiyat kasb etdi.

…Yangi yil arafasi o‘tgan davrni sarhisob etish, bosib o‘tilgan yo‘lni atroflicha tahlil etish, istiqboldagi rejalarni belgilash uchun qulay imkoniyatdir. Poyoniga yetib borayotgan 2016-yil Vatanimiz istiqlolining shonli 25-yilligi nishonlangan yil sifatida tarix sahifalarida muhrlanib qoladi.

Mamlakatimizda joriy yilning 4-dekabr kuni bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi jarayonlarida iqtisodiy-ijtimoiy, madaniy-ma’rifiy islohotlarning yuksak natijalari, xalqimizning ahil va hamjihatligi butun jahon jamoatchiligi tomonidan yuksak e’tirof etilmoqda.

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev tomonidan qabul qilinayotgan muhim hujjatlar, oldga surilayotgan ezgu tashabbuslar inson omiliga ustuvor ahamiyat qaratish, ijtimoiy barqarorlikni yanada rivojlantirish, tinch, fayzu-barakaga to‘la hayotimizni ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylashda yangi istiqbollarni ochib bermoqda. Prezidentimiz taklifiga ko‘ra 2017-yilning Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili, deb e’lon qilinishi bu boradagi ezgu sa’y-harakatlarga yangicha mazmun va ruh bag‘ishladi.

…Tinch va osoyishta, xalqi baxtiyor, hayotidan rozilik, shukronalik, ertangi kunga ishonch tuyg‘ulariga limmo-lim to‘lgan, istiqboli yorug‘ va saodatli yurtga bayramlar yarashadi. “Lokomotiv-Anhor” bog‘i yonidagi maydonga kelayotgan yurtdoshlarimizning barida ana shunday ruhiyatning zohirligini ularning yorug‘ chehrasi, yuz-ko‘zi, bolajonlarning sho‘x kulgusidan ilg‘ash mumkin. Yangi yilga bag‘ishlangan tadbirlarning yuksak saviyada, ko‘tarinki kayfiyatda o‘tkazilishida O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi, Toshkent shahar hokimligi, “O‘zbeknavo” estrada birlashmasi, “O‘zbekteatr” ijodiy-ishlab chiqarish birlashmasi, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati, “Toshshaharnur” davlat unitar korxonasi, O‘zbekiston davlat konservatoriyasi va boshqa ko‘plab tashkilot va birlashmalar munosib hissa qo‘shdi.

Maydon markazidagi balandligi 26 metr, aylanasi 7 metrdan ortiq go‘zal archaga minglab shar va o‘yinchoqlar, kamalakrang chiroqlar zeb berib turibdi. Archa “O‘zmaxsusmontajqurilish” aksiyadorlik kompaniyasiga qarashli “Chirchiqpo‘latmontaj” mas’uliyati cheklangan jamiyati ishchilarining mehnati bilan qad rostladi. Yon-atrofdagi projektorlar uning kechki paytdagi mahobatini tasvirlaydi.

Hududning g‘oyat keng va mo‘lligi kichkintoylarning bemalol yugurib o‘ynashi, Qorbobo va Qorqiz bilan suratga tushishi, tomoshalardan to‘laqonli bahramand bo‘lishiga imkon beradi. Maydondagi qo‘shimcha archalar, savdo shoxobchalari, o‘yin maydonchalari bayram shukuhining yanada ortishiga xizmat qilmoqda. Bu yerga o‘rnatilgan ulkan ekranlarda istiqlol yillarida erishilgan yutuq va marralarimiz, barkamol avlod kelajagi yo‘lidagi g‘amxo‘rliklarga oid ijtimoiy videolavhalar, multfilmlar namoyish etilmoqda. Rang-barang arg‘imchoqlar, attraksionlar, o‘yin qurilmalari o‘g‘il-qizlar bilan to‘lgan. Sovg‘a-salomlar, o‘yinchoq va shirinliklar rastalaridan ko‘z quvnaydi.
Maydondagi sahnada O‘zbek Milliy akademik drama teatrining “Semurg‘” tomoshasi bolajonlar e’tiboriga havola etilmoqda. Rang-barang konsertlar, turli intellektual o‘yinlar, qiziqarli tomoshalar bayramga yanada shukuh bag‘ishlaydi. Ulkan Qorbola, ayig‘u tulkichalar, ertak va multfilmlardagi quvnoq qahramonlarni ham aynan shu yerning o‘zida uchratish mumkin. Turli projektorlar, yoritish moslamalari, lazerli texnologiyalar, zamonaviy maxsus badiiy effektlar maydonning oqshomgi ko‘rinishiga o‘zgacha maftunkorlik, sehr va joziba bag‘ishlaydi. Ertaklar olamiga tushib qolgandek his etasiz o‘zingizni.

– Inson omiliga ustuvor e’tibor qaratilgan, farzandlari zavol bilmay o‘sayotgan, keksalari izzat topgan shunday tabarruk yurtda yashayotganimdan g‘oyat faxrlanaman, – deydi Mehriniso Qodirova. –Nevaralarimni olib, bayram tomoshalariga keldik. Ular dildan yayrashdi. She’ru topishmoqlarni biyron aytib Qorbobodan sovg‘alar oldi. Bugun barchaning tilida, dilida yagona tilak – ilohim, tinchligimizga, istiqlolimizga, yurtimizga, dorilomon kunlarimizga ko‘z tegmasin!

Yangi yil bayramiga bag‘ishlangan teatrlashtirilgan-musiqiy tadbirlar ​Xadra maydoni, Yunusobod tumani Sayilgoh maydoni, Chilonzor tumani “Algoritm” dahasidagi “Roison Electronics” korxonasi oldi maydoni, Yashnobod tumani “Aviasozlar” shaharchasi maydoni, Mirzo Ulug‘bek tumani “Lokomotiv” bog‘i, Sergeli tumani “Baxt diyori” guzari oldidagi maydon hamda Bektemir tumani “Quyoshcha nuri” madaniyat va istirohat bog‘larida o‘tkazilmoqda. Bu yerda “Zumrad shaharcha sehrgari”, “Baxt kaliti”, “G‘aroyib qush”, “Qor malikasi” va boshqa ko‘plab spektakllar bilan birga rang-barang musiqiy dasturlar, o‘yin va viktorinalar, qiziqarli sahna ko‘rinishlari, sirk ustalarining dasturi tomoshabinlarga taqdim etilmoqda.

UzA

Вы можете оставить комментарий, или ссылку на Ваш сайт.