Ma’naviy merosimiz targ‘ibotchilari

Poytaxtimizda O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi hamda Respublika xalq ijodiyoti va madaniy-ma’rifiy ishlar ilmiy-metodik markazi tomonidan o‘tkazilgan nomoddiy madaniy merosni targ‘ib etish borasidagi ijodiy ko‘rik-tanlovlar g‘oliblari taqdirlandi.

Respublika xalq ijodiyoti va madaniy-ma’rifiy ishlar ilmiy-metodik markazi direktorining o‘rinbosari Q.Omonqulov va boshqalar milliy merosimizni ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylash, uning ma’no-mazmunini xalqimiz, ayniqsa, yosh avlodga yetkazish bo‘yicha izchil sa’y-harakatlar amalga oshirilayotganini ta’kidladi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2010-yil 7-oktabrdagi “2010-2020-yillarda nomoddiy madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish, asrash, targ‘ib qilish va ulardan foydalanish Davlat dasturini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori bu boradagi ishlarni zamon ruhiga hamohang tarzda olib borish imkonini bermoqda.

Ilk marta tashkil etilgan “Eng yaxshi ekspeditsiya va ilmiy tadqiqotchi” va “Eng yaxshi foto va videolavha” ko‘rik-tanlovlaridan ko‘zlangan maqsad xalqimizning boy nomoddiy merosi targ‘ibotini kuchaytirishdan iboratdir. Unda folklorshunos olimlar, tadqiqotchilar, professor-o‘qituvchilar, talabalar, ommaviy axborot vositalari xodimlari o‘z ijodiy ishlari bilan faol qatnashdi.

“Eng yaxshi ekspeditsiya va ilmiy tadqiqotchi” ko‘rik-tanlovida ekspeditsiya yo‘nalishida Qoraqalpog‘iston Respublikasidan Sarbinaz Saparova, ilmiy tadqiqot yo‘nalishida jizzaxlik Rahmatilla Sarimsoqov birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.

– Jizzax viloyatining folklor san’ati g‘oyat boy va o‘ziga xos bo‘lishi bilan birga, tadqiqotchilar tomonidan kam o‘rganilgan,–deydi folklorshunos olim R.Sarimsoqov. – Ko‘plab olis qishloq va ovullarni aylanib, yuzdan ortiq xalq qo‘shiqlarini to‘plashga muvaffaq bo‘ldik. Ular “Ko‘hna Jizzax navolari” va “Tog‘larni jaranglatgan qo‘shiqlar” to‘plamlarida chop etildi. Bu xalq ijodiyoti namunalari yoshlarni mehnatsevarlik, kattalarga hurmat, halollik, to‘g‘rilikka undashi bilan ahamiyatlidir.

“Eng yaxshi foto va videolavha” ko‘rik-tanlovida videolavhalar yo‘nalishida O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasining “Dunyo bo‘ylab” telekanali xodimi Ozoda To‘raqulova oliy o‘ringa, “Mahalla” telekanali xodimi Muhayyo Egamberdiyeva hamda “Madaniyat va ma’rifat” telekanalidan Safarali Qurbonov birinchi o‘ringa loyiq topildi.

Tanlovning fotosuratlar yo‘nalishi bo‘yicha oliy o‘ringa O‘zbekiston Milliy axborot agentligi fotomuxbiri A’lo Abdullayev, birinchi o‘ringa qoraqalpog‘istonlik Atanazar Qalliyev hamda namanganlik Hamdamjon Mamadaliyev sazovor bo‘ldi.

UzA

Вы можете оставить комментарий, или ссылку на Ваш сайт.