Taraqqiyotning o‘zbek modeli to‘g‘risida

G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyida «Uzbekskaya model» razvitiya: velikoye vozrojdeniye» («Taraqqiyotning «o‘zbek modeli»: buyuk yuksalish») deb nomlangan kitob-albom nashrdan chiqdi.

Vatanimiz mustaqilligining 25-yilligiga bag‘ishlangan ushbu nashr O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «Pravda Vostoka» gazetasi ijodiy jamoasi tomonidan tayyorlangan materiallardan jamlangan. Ularda mamlakatimizning mustaqillik yillaridagi taraqqiyoti mazmun-mohiyati ochib berilgan. Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida amalga oshirilayotgan va davlatimizning tarixiy yutuqlariga asos bo‘layotgan islohotlar ko‘lami yorqin misollarda ifoda etilgan.

Chiroyli bezatilgan, suratlarga boy ushbu nashr o‘ziga xos mustaqillik solnomasidir. Undan O‘zbekiston rahbariyatining ijtimoiy va iqtisodiy taraqqiyotni ta’minlash, umume’tirof etilgan «o‘zbek modeli»ni ishlab chiqish va hayotga tatbiq etish, ko‘p millatli jamiyatimizda tinchlik-totuvlikni saqlash borasidagi sa’y-harakatlari haqida bilib olish mumkin. Kitobda mamlakatimizda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, agrosanoat va transport sohasini sifatli yangilash, yoshlarga oid davlat siyosati va kadrlar tayyorlash, milliy ma’naviy tiklanish hamda yoshlarni barkamol rivojlantirish mavzulariga alohida boblar bag‘ishlangan. Maqolalarda mamlakatimizda erishilgan yutuqlarni yuksak baholagan taniqli xalqaro mutaxassislar va oddiy odamlarning fikrlari keltirilgan.

Kitob-albomning maqsadi – kecha kim edigu, bugun kim bo‘lganimizni, 25-yil davomida nimalarga erishganimizni sodda qilib tushuntirish. Nashr keng doiradagi kitobxonlar, jumladan, davlat hokimiyati va xo‘jalik boshqaruvi organlari xodimlari, olimlar, o‘qituvchilar va boshqa soha mutaxassislari, shuningdek, yosh avlod vakillari uchun mo‘ljallangan.

Вы можете оставить комментарий, или ссылку на Ваш сайт.